Yangiliklar

Oʻzbekistondagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish oʻrni yaratish uchun mavjud

Oʻzbekistondagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish oʻrni yaratish uchun mavjud

Prezident raisligida toʻqimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Oʻtgan yili toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish 94 trillion soʻmga yetib, soʻnggi 7 yilda 4,2 baravar oshgani, 2023-yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar boʻlgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, oxirgi ikki yilda jahon bozorida toʻqimachilik mahsulotiga boʻlgan talab kamaygani qayd etildi. Bundan tashqari, asosiy eksport bozorlarimizda valyuta kursi bilan bogʻliq muammolar yuzaga keldi.

Shuni hisobiga oʻtgan yilda toʻqimachilik sohasi eksporti kutilgan koʻrsatkichdan 200 million dollar kam boʻldi.

Prezident bugungi kunda toʻqimachilik tarmogʻidagi 6 mingdan ziyod korxona 570 ming aholini doimiy ish bilan taʼminlayotganiga eʼtibor qaratdi.

Yaʼni, sanoat tarmoqlari orasida eng koʻp ish oʻrinlari yaratgan ham, eng koʻp aholini band qilib turgan soha ham bu – toʻqimachilik sanoati.

Davlat rahbarining topshirigʻiga asosan toʻqimachilikning barcha yoʻnalishlaridagi tadbirkorlar bilan muloqot qilinib, ularni oʻylantirayotgan masalalar oʻrganildi va yechimlar ishlab chiqildi.

Yuzdan ziyod tadbirkor taklif qilingan yigʻilishda ushbu masalalar tahlil qilinib, yangi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Tarmoqdagi dolzarb masalalar muhokama qilinar ekan, oʻtgan yili tayyor mahsulot eksporti 1,3 milliard dollarni tashkil etgani bilan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushi yetarli darajada emasligi qayd etildi.

Yaʼni, eksportdagi tayyor mahsulotning asosiy qismi narxi past boʻlgan trikotaj hisoblanadi.

Mamlakatimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan oʻrtacha 28 foiz arzon. Bu oʻzimizda tayyor mahsulotni koʻpaytirish uchun juda katta imkoniyat. Shunga qaramay, jami ishlab chiqarishda tayyor mahsulotlar ulushi kutilganidek boʻlmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bizdagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish oʻrni yaratish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solish muhimligi taʼkidlandi.