Yangiliklar

Uch hududda kredit mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Uch hududda kredit mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.” MCHJ masʼul shaxslari Davlat kadastrlari palatasi Karmana tuman boʻlimidan tumandagi “Yoshlik” istirohat bogʻini roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi soxta kadastr hujjatlari rasmiylashtirishga erishib, tijorat banki filialidan istirohat bogʻini obodonlashtirish hamda texnikalar va attraksionlar xarid qilish uchun ajratilgan 6,5 mlrd soʻm kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Toshkent tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “J.A.” oilaviy korxonasi rahbari S.S. va boshqalar naslli chorva mollari sotib olish va qoʻshimcha molxona binosini qurish maqsadida hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga xarid qilingan 160 bosh naslli chorva mollarni boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborib, rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritsh orqali jami 2 mlrd soʻm kredit mablagʻini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “D.A.” fermer xoʻjaligi rahbari D.A. va boshqalar tijorat bakni filialidan ajratilgan kredit mablagʻlari evaziga qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan olib kelingan nasli chorva mollarini naqd pulga sotib yuborib, 1,6 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.