Yangiyo‘l tumani kengashi deputatlari deputat A.Azbayevning daxlsizligini yechish haqida prokuror F.Boboraximovning taqdimnomasiga rad javobi berishgandi. Sessiyada deputatlar tomonidan shunday ovoz berildi. Ushbu holat bo’yicha sobiq deputat, jurnalist Rasul Kusherbayev munosabat bildirdi.
«Agar prokuror sessiya qaroridan norozi bo‘lsa viloyat prokurori orqali viloyat kengashi deputatlariga murojaat kiritishi mumkin. Lekin deputatlarning bu kutilmagan qarori boshqa o‘yinlarni boshlashga majbur qilgan ko‘rinadi», deb yozadi Kusherbayev telegram kanalida.
Ma’lum bo’lishicha, sessiya qarorini vakolati bo‘lmasa-da, tuman hokimiyati yuristi rad etgan. Prokuror taqdimnomasi rad qilingani uchun bu masala yana qaytadan kun tartibiga kiritilmoqda.
Prokuror taqdimnomasini rad etish mumkin bo‘lmasa, unda nega ovozga qo‘yilgan? Shunchaki ruxsat, degan qarorni yasab olishsa bo‘lmasmidi, deya savol qo’ygan Kusherbayev.
«Afsuski, baʼzi deputatlarning qonun talablaridan yaxshi xabardormasligi turli kuchlarga ularni istagancha o‘ynatishga majbur qiladi, xuddi Yangiyo‘ldagi kabi. Bo‘lmasam ori bor deputatlar avval ovoz bergan qarorlari nega yana qayta ovozga qo‘yilayotgani, Prezident ishdan olishni buyurgan qonunbuzar prokuror nega haligacha ishlayotgani, prokuror sifatida ishlashga vakolatlimi, degan masalaga qiziqqan bo‘lishardi. Chunki, 2023-yil 2-avgust kungi majlisda Prezident tomonidan Yangiyo‘l tumani hokimi hamda tumanning boshqa sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilish haqida ko‘rsatma berilgandi», deydi sobiq deputat.
Bundan tashqari, boshqa sektor rahbarlari lavozimidan ozod qilingan, biroq prokuror hamon o‘z joyida ekanligi aytiladi. Prezidentga topshiriq ijrosi bo‘yicha boshqacha hisobot bergan bo’lishi ehtimoldan holi emas.
«Yomoni shuki, deputat u daxlsizligi yechilmay turiboq IIBda noqonuniy ravishda yarim tungacha ushlab turilib, ruhiy azob berilgan. Prokuror esa bunga ko‘z yumgan. Mana ahvol!», deb yozadi Kusherbayev xavotirda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!