Jahon

Tbilisida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi

Tbilisida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi

Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Parlament tinglovlari bugun, 16-aprel kuniga belgilandi. Bu haqda “Mtavari” telekanali xabar berdi.

Ushbu qonun yuzasidan Tbilisidagi parlament binosi yonida norozilik namoyishlari boshlandi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, maydonda Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishiga qarshi plakatlar bilan bir necha ming kishi to‘plangan. Politsiya miting tashkilotchilarini qonunni buzmaslikka chaqirdi.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi 14 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, namoyishchilarning harakatlari oqibatida bir politsiyachi jarohat olgan.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvilining yozishicha, maxsus kuchlar suv to‘plari bilan Yevropadagi kelajagini himoya qilgan tinch aholiga qarshi chora ko‘rmoqda.

“Hibslar davom etmoqda. Gruziya qayta sovetlashtirishga taslim bo‘lmaydi”, deb yozadi Zurabishvili.

Eslatib o’tamiz, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasi 8-aprel kuni hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan parlamentda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2023-yil bahorida noroziliklardan keyin qaytarib olingan qonun loyihasida “xorijiy agentlar” reestrini yaratish ko‘zda tutilgan edi, unda 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari ko‘rsatiladi.