Jinoyat

Tok urishi oqibatida vafot etgan o’quvchining o’limi bo’yicha aybdorlarga hukm o‘qildi

Tok urishi oqibatida vafot etgan o’quvchining o’limi bo’yicha aybdorlarga hukm o‘qildi

2023-yil noyabr oyining oxirida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktab hududida 8-sinf o‘quvchisi ochiq elektr simiga tegib ketib, tok urishi oqibatida vafot etgan edi. Dekabr oyida o‘quvchi vafot etgani ortidan 99-maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari qamoqqa olingan.

Holat bo’yicha munosabat bildirgan poytaxt maktab ta’limi boshqarmasi bolani elektr toki urganini rad etib, u o‘yin maydonchasidan chiqib ketayotganda hushini yo‘qotgani, keyinroq kasalxonada vafot etganini aytgan.

Keyinchalik sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasi o‘quvchining o‘limiga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ko‘rsatdi.

16-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi Bahodir Qayumov raisligida bu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud majlisida jabrlanuvchilar ayblanuvchilarga qonun doirasida jazo tayinlashini so‘ragan.

Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan ayblanayotgan 99-maktabning sobiq direktori va o‘rinbosari so‘zida suddan yengillik berishni so‘rab, ishidan pushaymonligini bildirdi.

Sud hukmiga ko‘ra, sobiq direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Q.R. JKning 207-moddasi 3 qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, 2 yil rahbarlik lavozimida ishlamaslik va 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazo muddatini manzil koloniyada o‘tashi belgilandi.

Maktabning sobiq direktori R.M. ham yuqoridagi modda bilan aybli deb topilib, unga 2 yil rahbarlik lavozimida ishlashi taqiqlandi, 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.