Jahon

Armaniston Tavush viloyatidagi to‘rtta qishloqni Ozarbayjonga topshirdi

Armaniston Tavush viloyatidagi to‘rtta qishloqni Ozarbayjonga topshirdi

Armaniston va Ozarbayjon ilk bor chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Armaniston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib TASS xabar berdi.

Qayd etilishicha, tomonlar to‘rtta aholi punkti o‘rtasida chegara chizig‘ini Sovet Ittifoqi parchalangan paytdagi chegaraga moslashtirish to‘g‘risida oldindan kelishib olgan.

Delimitatsiya aslida Ozarbayjon SSR tarkibiga kirgan va 1990-yillardan beri Armaniston nazoratida bo‘lgan to‘rtta qishloqning Ozarbayjon tasarrufiga o‘tkazilishini anglatadi. Tomonlar yaqin vaqt ichida kelishilgan hududlardan qo‘shinlarni olib chiqib ketish va u yerda chegara xizmatlarini joylashtirishga kelishdi.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi chegara ming kilometrga yaqin. Bu davlatlar 1991-yilda Qorabog‘dagi mojaro tufayli mustaqillikka erishganidan beri chegara hech qachon delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan.

Ma’lumot uchun, 17-aprel kuni Rossiya o‘z tinchlikparvar kuchlarini Qorabog‘dan olib chiqishni boshlagan. Rossiya qo‘shinlari 2020-yil kuzida Armaniston-Ozarbayjon mojarosining yana kuchayishi oqibatida Qoraboqqa joylashtirilgan.