Ukraina Rossiyaga qarshi kurashish uchun harbiy yordamni kuchaytirishga, xususan havo hujumidan mudofaa tizimlari va millionlab o’q-dorilarni yetkazib berishga muhtoj. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina-NATO kengashi yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaatida ma’lum qildi.
«Biz buni to’g’ridan-to’g’ri aytamiz: mudofaa uchun bizga yana yettita Patriot tizimi yoki shunga o’xshash havo mudofaa tizimi kerak va bu minimal raqam. Ular ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishi va vaziyatni haqiqatdan ham o‘zgartirishi mumkin”, – dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Prezident Ukraina shaharlari va infratuzilmasiga qilingan so‘nggi raketa hujumlari haqida ma’lum qildi. Yil boshidan beri Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga deyarli 1200 ta raketa, shu jumladan aeroballistik raketalar hamda 1500 dan ortiq Shahed dronlarini otganini aytdi.
Uning so’zlariga ko’ra, Rossiya Ukraina energetika tizimini buzadigan zarbalar qilgan.
Zelenskiy shuningdek, ittifoqchilar Isroilga Erondan qilingan yirik raketa hujumini qaytarishda yordam berganini taʼkidladi.
Xulosa qilib, Zelenskiy Ukrainaga hozirda kamida yettita Patriot tizimi, bir million artilleriya o‘q-dorilari, uzoq masofali qurollar, shuningdek, aviatsiya zarurligini aytdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!