Jahon

AQSh Nigerdan qo’shinlarini olib chiqadi

AQSh Nigerdan qo’shinlarini olib chiqadi

Qo’shma Shtatlar harbiy to’ntarishdan so’ng hokimiyat tepasiga kelgan ma’muriyat talabiga binoan o’z harbiy kontingentini Nigerdan olib chiqishga rozi bo’ldi.

Mahalliy matbuotning yozishicha, qo‘shinlarni olib chiqish qarori Vashingtonda AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Kurt Kempbell va Niger bosh vaziri Ali Mahaman Lamin Zeyn o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng qabul qilingan.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar Sahroi Kabir cho‘lidagi Agadez yaqinida joylashgan uchuvchisiz uchish apparatlari bazasini yopishga rozi bo‘lgan.

AQSh delegatsiyasi 1000 ga yaqin askarning tartibli ravishda olib chiqilishini ta’minlash uchun bir necha kun ichida Niameyga borishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2023-yil 26-iyulda Nigerdagi harbiylar Muhammad Bazoumning mamlakat prezidenti lavozimidan ag‘darilgani va respublika chegaralari yopilganini e’lon qildi. Armiya generali Abdurahmon Tchiani mamlakatning yangi rahbari deb e’lon qilindi.

O‘tgan oy Niger ham Qo‘shma Shtatlar bilan tuzilgan 12 yillik harbiy hamkorlik shartnomasini bekor qildi. So‘nggi haftalarda Nigerga o‘nlab rossiyalik harbiy instruktorlar va eng yangi havo mudofaa tizimi yetkazib berildi.