Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning mart oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qildi.
Ma’lum bo’lishicha, Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024-yil mart oyida poytaxtda o‘rtacha taʼmirlangan xonadonlar ijara narxlarida fevral oyiga nisbatan o‘rtacha 0,61 foizga, to‘liq taʼmirlangan uy-joylar ijara narxlarida esa o‘rtacha 0,76 foizga tushish kuzatilgan.
O‘rtacha taʼmirlangan uy-joy ijarasi. 2024-yil mart oyida ushbu sinfdagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxi o‘tgan fevral oyiga nisbatan o‘rtacha 0,6 foizga pasayib, 391 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar ijara narxi esa 1,2 foizga arzonlab, o‘rtacha 436 dollargacha tushgan. Shuningdek, o‘rtacha taʼmirlangan 3 va 4 xonali uylar ijara narxlari mos ravishda 0,2 foiz va 0,4 foizga pasayib, o‘rtacha narxlar 513-591 dollarni tashkil etgan.
O‘rtacha taʼmirlangan uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – 354 dollar, 2 xonali 386 dollar, 3 xonali 435 dollar, 4 xonali 441 dollar), Olmazor (1 xonali 359 dollar, 2 xonali 414 dollar, 3 xonali 454 dollar, 4 xonali 489 dollar) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali 463 dollar, 2 xonali 518 dollar, 3 xonali 620 dollar, 4 xonali 819 dollar) va Shayxontohur (1 xonali 437 dollar, 2 xonali 456 dollar, 3 xonali 537 dollar, 4 xonali 624 dollar) tumanlarida kuzatilgan.
To‘liq taʼmirlangan uylar ijara narxlari. Mart oyida to‘liq taʼmirlangan 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxi 472 dollarni tashkil etib, o‘tgan fevral oyiga nisbatan 0,8 foizga tushgan bo‘lsa, 2 xonali uylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 644 dollar va 1,1 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida (788 dollar) ham biroz (0,3 foiz) tushish kuzatilgan. Shuningdek, to‘liq taʼmirlangan 4 xonali uylar o‘rtacha ijara narxlari ham 0,9 foiz tushib, 909 dollargacha pasaygan.
To‘liq taʼmirlangan turkumdagi uylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali 394 dollar, 2 xonali – 449 dollar, 3 xonali 556 dollar, 4 xonali 646 dollar) va Uchtepa (1 xonali 396 dollar, 2 xonali 496 dollar, 3 xonali 622 dollar, 4 xonali 646 dollar) tumanlarida hamda ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Mirobod (1 xonali 567 dollar, 2 xonali 844 dollar, 3 xonali 1024 dollar, 4 xonali 1097 dollar) va Shayxontohur (1 xonali 556 dollar, 2 xonali 845 dollar, 3 xonali 1050 dollar, 4 xonali 1024 dollar) tumanlarida kuzatilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!