Jahon

Nigeriyada yomg‘ir tufayli qamoqxonadan mahbuslar qochib ketdi

Nigeriyada yomg‘ir tufayli qamoqxonadan mahbuslar qochib ketdi

Nigeriyadagi qamoqxonadan yomg‘ir tufayli devor qulaganidan so‘ng kamida 118 nafar mahbus qochib ketdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa Nigeriya poytaxti yaqinidagi Suleja shahridagi qamoqxonada yuz bergan.

Axloq tuzatish xizmati xodimlari boshqa huquq-tartibot idoralari ko‘magida qochqinlarni qidirmoqda va hozirgacha ulardan faqat o‘n nafarini qo‘lga olishgan.

 

«Bir necha soat davom etgan yomg‘ir o‘rtacha xavfsizlik darajasidagi qamoqxonaning bir qismini, shu jumladan devori va unga tutash binolarni vayron qildi», deydi Axloq tuzatish xizmatlari vakili Adamu Duza.

U qochqinlarning shaxsini va boshqa tafsilotlarni oshkor qilmagan, biroq “Boko Haram” guruhi a’zolari qamoqxonada jazo muddatini o‘tagani ma’lum.

Ta’kidlash joizki, qamoqxonadan qochish Nigeriyada muammoga aylandi, chunki mahbuslarning ko‘pligi, yetarli mablag‘ yo‘qligi va xavfsizlikning zaifligi qochish uchun sabab bo’lmoqda.

Oxirgi paytda yomon infratuzilma va jangarilarning hujumlari tufayli minglab mahbuslar qochib ketgan. Ayniqsa, 2022-yil iyul oyida ISHID jangchilari poytaxt Abujadagi qattiq tartibli qamoqxonaga hujum qilganda, kamida 440 mahbus qochib ketgan.