Jahon, Siyosat

Tojikiston TIV Rossiya elchisiga nota topshirdi

Tojikiston TIV Rossiya elchisiga nota topshirdi

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga Rossiya Federatsiyasi hududida respublika fuqarolarining “huquqlari buzilgani” munosabati bilan nota topshirildi. Bu haqda Tojikiston TIV xabar berdi.

Qayd etilishicha, 29-aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorevga “Rossiya Federatsiyasi hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan keskin salbiy munosabatning ommaviy tarzda namoyon bo‘lishi, shuningdek, ularning huquq va erkinliklari keng miqyosda buzilishi holatlari yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan holda” Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining notasi topshirildi.

“Bunday harakat faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmoqda, bu Tojikiston-Rossiya munosabatlari ruhi va an’analariga tubdan mos kelmaydi”, deyiladi notada.

Avvalroq, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolariga vaqtincha Rossiya Federatsiyasiga bormaslikni tavsiya qilgandi. 28-aprel kuni rasmiy Dushanbe Rossiya hukumati mingga yaqin Tojikiston fuqarosini Moskva aeroportlarida ushlab turganini bildirdi.