Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi hamda Musulmonlar idorasi koʼmagida «Toshkent Qurʼoni» nomi bilan mashhur boʼlgan Usmon musʼhafini konservatsiya va restavratsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Prezident topshirigʼiga koʼra, butun dunyoda «Toshkent Qurʼoni» nomi bilan mashhur boʼlgan Usmon musʼhafini konservatsiya va restavratsiya qilish rejalashtirilgan, deb xabar qildi Oʼzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, ushbu kitob Toshkentdagi Oʼzbekiston musulmonlari idorasining «Moʼyi Muborak» madrasasidagi muzey-kutubxonasida saqlanmoqda. Qoʼlyozma uchinchi xalifa Usmon ibn Аffon topshirigʼi bilan VII asrda hijoz yozuvida qayta yozilgan.
Shuningdek, loyihada xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristin Roz, frantsiyalik restavratorlar Аkselya Delo va Korali Barb, shuningdek, Istanbul qoʼlyozmalar ustaxonasi va arxiv boʼlimi mudiri Nil Baydar ishtirok etmoqda. Ular har bir sahifani koʼzdan kechirib, bosqichma-bosqich taʼmirlash rejasini ishlab chiqadi hamda kelgusida muhofaza qilish boʼyicha tavsiyalarni beradi.
Qurʼonning jami olti nusxasi koʼchirildi. Har birining oʼlchami 53×68 sm boʼlgan 338 varaqdan iborat
«Dunyodagi eng qadimiy qoʼlyozmalardan birini restavratsiya qilishda ishtirok etish men va hamkasblarim uchun beqiyos sharafdir. Usmon musʼhafini oʼrganib chiqib, uning qoniqarli holatda ekanini hisobga olib, qadimiy qoʼlyozmaning umumiy holatini saqlab qolgan Oʼzbekiston musulmonlari idorasidagi hamkasblarimizga minnatdorlik bildiramiz. Restavratsiya ishlaridan tashqari qoʼlyozmani keyingi saqlash va oʼrganish boʼyicha tavsiyalar roʼyxatini tuzamiz», — dedi Kembrij xalqaro universiteti restavratsiya va konservatsiya boʼlimi rahbari Kristin Roz.
Usmon musʼhafini Samarqandga 14-asrda sarkarda Аmir Temur Iroqdan olib kelgan. U Samarqanddagi madrasada uzoq yillar davomida saqlangan. Oʼrta Osiyo chor Rossiyasi tomonidan bosib olingandan soʼng Turkiston general-gubernatori Kaufman 1869 yilda uni Peterburgga koʼchirgan. 1905 yilda bu kitob 50 nusxada chop etilgan.
Ma’lumot uchun, 1917-yilda Rossiyadagi tartibsizliklardan soʼng Toshkent va Sirdaryo ulamolarining iltimosiga koʼra 1923-yilda maxsus farmon qabul qilindi va 1924-yilda Muqaddas kitob Oʼzbekistonga qaytarildi. 1989-yilda Oʼzbekiston Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qaroriga asosan Usmon musʼhafi Oʼzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga oʼtkazilgan.
1997-yilda YuNESKO mazkur Qurʼonni «Jahon xotirasi» roʼyxatiga kiritdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!