Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solish, joylarda Sayxunobod tajribasi asosida aholi bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi bo’lib o’tdi.
Hozirda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan birga tez fursatda mahallada yuzlab ish oʻrni va eksportbop mahsulot yaratadigan, yuqori daromad keltiradigan kichik va oʻrta korxonalar kerakligi taʼkidlandi.
Bu borada eng katta zaxira mahalliy sanoat tarmoqlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan uchta muhim soha – charm, gilam va pillachilik sanoatida hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar bor.
Oʻtgan yili charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz boʻlgan.
Yigʻilishda ayrim vazir va hokimlar bu soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan toʻgʻri foydalana olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Oʻtgan yili charmsanoatda ishlab chiqarish hajmi oʻsib, qariyb 3 trillion soʻmga yetdi. Lekin, shuni yarmi Andijon va Fargʻonaga toʻgʻri keladi.
Respublikadagi jami terining 40 foizini beradigan Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmning charmsanoatdagi ulushi ularning imkoniyatiga mos emas.
Mahsulotiga bozor topish, aylanma mablagʻ masalalari sababli ayrim korxonalar oʻtgan yilni zarar bilan yakunlagan. Oʻtgan yili charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz boʻlgan.
Shavkat Mirziyoyev charmsanoat sohasidagi ishlar lozim darajada tashkil etilmagan hududlarni tanqid qildi
Davlatimiz rahbari ikki yil oldin 155 gektar joy ajratilib, charmga ixtisoslashgan 16 ta kichik sanoat zonasi qilinganini qayd etdi.
Ohangaron va Urgut tumanlarida loyihalar boshlangan boʻlsa-da, Nurafshon shahrida, Uychi, Angor, Qoʻqon, Qoʻshtepa, Oltinkoʻl, Sharof Rashidov tumanlari, Namangan shahri, Shahrixon, Samarqand, Hazorasp, Buxoro, Nukus tumanlari, Qarshi shahrida bu ishlar lozim darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi.
Sohada yangi loyihalar uchun 40 million dollar arzon resurs ajratilgani, xalqaro kredit liniyalaridan 100 million dollar jalb etilganiga qaramay, mutasaddilar bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgani koʻrsatib oʻtildi.
“Charmsanoat” uyushmasi faoliyatini tubdan oʻzgartirish zarur — Prezident
Sohada eng asosiy masalalardan biri, bu – xom ashyo.
Klasterlarda qoramolni koʻpaytirish bilan birga, aholi xonadonlari va terini qayta ishlash korxonalari bilan kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish 25 ta tumanda chorvachilik klasterlari tashkil qilingan.
Lekin, yer ajratish va kredit masalasi toʻliq hal qilinmagani uchun barcha klasterlarning ham faoliyati hali yurib ketgani yoʻq. Masalan, 19 ta klasterga yetarli yer maydonlari ajratilmagan.
Aytilgan muammoli masalalardan kelib chiqib “Charmsanoat” uyushmasi faoliyatini tubdan oʻzgartirish zarurligi taʼkidlandi.
Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasteri tashkil etiladi.
Bunda ekologiyaga javob beradigan suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar arzon resurs yoʻnaltiriladi. Bu yerdagi tayyor loyihalarga 7 yilda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan tabiiy va sunʼiy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar joylashtiriladi.
Xorijiy brend jalb qilgan har bir korxonaga sorsing kompaniyalari uchun sarflangan xarajatni 30 ming dollargacha qismini qoplab berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, 14 ta kichik sanoat zonasida 100 million dollarlik loyihalarni boshlash, 11 ta chorva klasteriga ozuqabop ekin ekish uchun yer masalasini toʻliq hal qilish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari sohadagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi.
Mutasaddilarga:
– ishlab chiqaruvchilarga Yevropa bozorlariga chiqish uchun talab etiladigan sertifikat olishiga koʻmaklashish;
– xorijiy davlatlardagi savdo uylarida milliy charm, gilam va ipak mahsulotlarini ham joylashtirish, yangi savdo uylarini ochish;
– Andijon, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida oʻrta boʻgʻin xodimlarini 6 oyda tayyorlaydigan markazlarni tashkil qilish;
– Kooperatsiya portalida faqat haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartibni joriy qilish va tadbirkorlar koʻtargan boshqa masalalar yechimi boʻyicha taklif kiritish topshirildi.
Prezidentimiz bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini yana bir bor taʼkidlab, bu borada oqsoqlikka yoʻl qoʻyib boʻlmasligi haqida barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.
Yana bir muhim masala – tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaromiz qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi prognoz qilinmoqda.
Ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga koʻmaklashish muhimligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga migratsiya boʻyicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga koʻmaklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!