Prezident qarori bilan, tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi:
- 2024-yil 1-iyundan Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;
- 2024-yil 1-oktyabrdan respublikaning qolgan barcha hududlarida.
Birlamchi ko‘mak xonalarida:
- jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uch sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi;
- shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan, ruhiy, psixoterapevtik yordam ko‘rsatiladi, yuqumli kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida tahlillar o‘tkaziladi.
- 2024-yil 1-oktyabrdan himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
- 2025-yil 1-yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi;
- 2024-yil 1-dekabrdan bir kalendar yili davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.