Jahon, Jinoyat, Siyosat

G‘azoda qurbonlar soni 35 mingdan oshdi

G‘azoda qurbonlar soni 35 mingdan oshdi

Isroilning G‘azo sektorida 2023-yil 7-oktyabrdan beri davom etayotgan tajovuzi oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 35 ming 34 nafarga yetdi, yana 78 ming 755 kishi yaralandi. Bu haqda G‘azo sektoridagi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 24 soat ichida anklavning yana 63 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, 114 nafari jarohatlangan.

Ta’kidlanishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari hamon vayron bo‘lgan binolar ostida va yo‘l chetlarida qolmoqda. Tez yordam va fuqaro mudofaa guruhlari Isroil kuchlarining to‘siqlari tufayli ularga yetib bora olmayapti.

Qayd etish joizki, Isroil ko‘plab mamlakatlarda salbiy munosabatiga qaramay, G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy amaliyot o‘tkazmoqda. AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil bu shaharda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlasa, Amerika harbiy yordamini to‘xtatish bilan tahdid qildi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Rafahda G‘azo sektoridagi janglardan qochgan bir milliondan ortiq tinch aholi istiqomat qiladi va agar keng ko‘lamli janglar bo‘lsa, ularning hayoti xavf ostida qoladi.