13-may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda Sayxunobod, Uychi va Zarbdor tajribalarini joriy qilish, bandlikni ta’minlash, aholini biznesga jalb etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, muammoli kreditlar ulushini qisqartirish, joriy yil chaqiruv mavsumida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatining tashkil etilishi hamda Hisob palatasi tomonidan davlat xaridlarining qonuniyligi yuzasidan viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilingan.

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalarni bajarilishida e’tiborsizlik qilgani uchun 22 nafar mas’ul lavozimidan ozod etildi. Yana 29 nafarini vazifasidan ozod etish bo‘yicha Respublika rahbariyatiga taqdimnoma kiritiladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, 41 nafar mas’ulga navbatdagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 27 nafarining faoliyati qoniqarsiz deb topilib, keyingi chorak yakunlari bo‘yicha ijobiy o‘zgarish qilmagan taqdirda, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.