Qoraqalpog‘istonda ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasiga ajratilgan pullar talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar ahvoli o‘rganilgan.
Ishchi guruhi Nukus shahrida joylashgan ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, mutasaddilarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish, zarur adabiyot va jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, ushbu maxsus kutubxona ma’muriy binosini yangidan qurish va jihozlash bo‘yicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd. so‘mlik pudrat ishlari o‘rganilib, jami 530,4 mln. so‘mlik ishlar haqiqatda bajarilmagan bo‘lsa-da, hisobotlarga qo‘shib yozish yo‘li bilan byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.
Kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta “brayl” printeri uchun 90 mln. so‘m va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln. so‘m mablag‘lar ham o‘zlashtirib yuborilgani oqibatida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan ta’minlash imkoni cheklangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!