Jahon, O‘zbekiston

Tojikiston Markaziy Osiyo energetika tizimiga qo‘shiladi

Tojikiston Markaziy Osiyo energetika tizimiga qo‘shiladi

Tojikiston may oyi oxirigacha Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 14-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Energetika haftaligi (UEW 2024) davomida maʼlum qildi.

«Biz mintaqalararo savdo va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz, qo‘shnilarimiz — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bilan elektr energiyasini yetkazib berish, eksport, import qilish va tranziti bo‘yicha juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Bu oy Tojikiston ham bizning yagona Markaziy Osiyo energetika tarmog‘imizga qo‘shilishini kutamiz», — dedi u.

2021-yil oxirida Tojikiston mamlakatni Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qaytarish masalasini muhokama qila boshlagandi. Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir Tojikiston 2022-yilda yagona energiya tizimiga qaytishini maʼlum qilgan, biroq bu masala bir necha bor qoldirilgan.

«Biz shu yilning oxirigacha [Tojikiston energetika tizimining] shimoliy qismini ulanishga tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz, biroq bu liniyaning amalda ishga tushirilishi 2024 yilning aprelida amalga oshiriladi», — degandi Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma.

Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘istonning Yagona energetika tizimi (YAET) 1970-yillarda yaratilgan. U Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, irrigatsiya davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va suvga bo‘lgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatlash imkonini bergan.

Tojikiston va Qirg‘iziston endi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligiga duch kelmaydi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston esa sug‘orish mavsumida suvsiz qolmaydi.

Tojikiston qishki suv omboriga qaytadi (hozirda u yozda suv to‘playdi) va mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji transchegaraviy daryolarning quyi oqimidagi mamlakatlardan yetkazib beriladigan taʼminot hisobidan qoplanadi.

Yozda Tojikiston qishda to‘plangan suvdan qo‘shnilarining sug‘orish suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun foydalanadi.