Jahon, O‘zbekiston

«Haj–2024» mavsumini yuqori darajada o’tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda

«Haj–2024» mavsumini yuqori darajada o’tkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda

Joriy yil 16-may kuni «Haj–2024» mavsumiga puxta tayyorgarlik ko’rish maqsadida Din ishlari bo’yicha qo’mita va O’zbekiston Musulmonlari idorasi vakillaridan iborat dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib keldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishchi guruhga mamlakatimizning Jiddadagi Bosh konsulxonasi xodimlari hamkorlik qilmoqda.

Maqsad O’zbekiston hojilarini tartibli va namunali haj ibodatlarini tashkil etish bo’yicha Makka hamda Madina shaharlarida ularga yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlarni o’rganishdan iborat.

Joriy yildagi Haj mavsumiga o’zbekistonlikning Saudiya Arabistoniga kelishlari 2024-yil 23-maydan boshlanadi. O’zbekistonning Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg’ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus va Navoiy shaharlaridan Saudiya Arabistonining Madina shahriga to’g’ridan-to’g’ri aviaqatnovlar yo’lga qo’yiladi.

O’zbekiston fuqarolariga Madina va Makkada shaharlaridagi eng yaxshi sharoitlarga ega mehmonxonalar hozirlab qo’yilgan.

Ishchi guruh «Haj–2024» mavsumida 15 mingga yaqin vatandoshlarimizning tartibli va namunali haj ibodatlarini tashkil etish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qiladi.

Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, O’zbekiston hukumati tomonidan «Haj–2024» mavsumiga tayyorgarlik ko’rish doirasida hozirgi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan yuqori baholanmoqda.