Ma’lum bo’lishicha, DXX tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.
Jumladan, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan sayyohlik firmasining ikki nafar xodimi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Saudiya Arabistoniga haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 18 ming dollar talab qilib, 4,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi sayyohlik firmasi rahbari Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroni “Haj-2024” mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 9,5 ming dollar talab qilib, 5,7 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi ikki nafar fuqaroni sayyohlik firmasi orqali haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar talab qilib, 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Farg‘ona shahridagi sayyohlik firmasi ish yurituvchisi esa Toshloq tumanida yashovchi fuqaroni va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandini 30 ming dollar evaziga haj ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, 15 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi shaxs ham Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni va uning ota-onasini haj amallarini bajarishlari uchun sayyohlik firmasi orqali Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 16 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolar uchun haj tadbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni podshohligining haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun haj ziyoratini ado etishning asosiy sharti – haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar – “umra”, “turizm”, “biznes” va boshqalar bilan “Haj” ziyoratiga borish taqiqlanadi. Tartibni buzgan xorijlik Saudiya Arabistonidan deport qilinib, ushbu mamlakatga 10 yil muddatga kirishi taqiqlanadi hamda 50 ming saudiya riyoli miqdorida jarimaga tortiladi.