Qirollik Vazirlar kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida shunday qaror qabul qilindi.
Ispaniya Vazirlar kengashi Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan olish qarorini ma’qulladi. Bu haqda qirollik Vazirlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hukumat rasmiy vakili va ta’lim vaziri Pilar Alegriya ma’lum qildi.
«Bu tarixiy qaror bo’lib, yagona maqsad tinchlikni ta’minlash», dedi u.
Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares, o’z navbatida, bu qadamni «burilish nuqtasi» va Yaqin Sharqda «tinchlikka erishishning yagona yo’li» deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, Falastin muammosini hal qilishda ikki davlat qaroriga alternativa yo’q.
Vazir yaqin kunlarda Sloveniya ham Falastin mustaqilligini tan olishini ma’lum qildi.
Bugun ertalab Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Falastin davlatini tan olish nafaqat “Falastin xalqining qonuniy talablarini bajarish uchun tarixiy adolatni amalga oshirish”, balki Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi qadam ekanligini aytdi.
Bosh vazir Sharqiy Quddus mustaqil Falastin poytaxtiga aylanishi, G‘azo sektori va G‘arbiy Sohil yagona Falastin milliy hukumati nazorati ostida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Sanches, shuningdek, G’azo va G’arbiy Sohilni bog’laydigan koridorga ehtiyoj borligiga ishora qildi.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Madrid 1967-yildagi chegaralarga tomonlar kelishilmagan o‘zgarishlarni tan olmaydi.
Avvalroq Norvegiya va Irlandiya Falastinni tan olish niyatida ekanliklarini ma`lum qilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!