O‘zbekiston

Endi bolalarga ham himoya orderi beriladi

Endi bolalarga ham himoya orderi beriladi

2024-yil 30-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qonun loyihalari, parlament nazoratiga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastlab deputatlar tomonidan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, ularning vakolatlari aniq belgilab berilyapti. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga ta’rif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash, qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut — bolalarga himoya orderi berish taklif etilyapti. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zosi Navro‘z Yusupov qonun loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib, uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar loyiha matnida aks etganini e’tirof etib, qonun loyihasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Qizg‘in muhokamalar davomida qonun loyihasida belgilanayotgan normalar atroflicha muhokama qilinib, fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.