Polsha ichki xavfsizlik agentligi Rossiya harbiy razvedkasi – Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi ko‘rsatmasi bo‘yicha mamlakatda qo‘poruvchilik aktlarini tayyorlashda gumon qilingan ikki belaruslik va bir polshalikni hibsga oldi. Bu haqda Polshaning «Rzeczpospolita» nashrri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkaklar savdo markazlari, restoranlar va qurilish omborlariga o‘t qo‘yishni rejalashtirgan va allaqachon bunga urinishgan. Yanvar oyida Polshada ukrainalik qo‘lga olingan, prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u ham Rossiya tomonidan yollangan va Vrotslavdagi bir qator ob’ektlarga, xususan, bo‘yoq ishlab chiqarish zavodiga o‘t qo‘yishni rejalashtirgani aytilgandi.
OAVga ko’ra, 10 ming yevro mukofot evaziga gumonlanuvchilar Gdanskdagi ma’lum bir ob’ektga va Varshava chekkasidagi yana ikkita ob’ektga o‘t qo‘yishga uringan. Hibsga olingan belarusliklardan biri 37 yoshda, ikkinchisi 35 yoshda. Uchinchi gumonlanuvchi polyak 40 yoshda. U Pomeraniya provinsiyasida yashagan.
Gazetaning tergov ichidagi manbalarga tayanib yozishicha, rejalashtirilgan sabotajning maqsadi «tartibsizlik, qo‘rquv, zarba va mulkni yo‘qotish va ehtimol inson hayotiga xavf keltirib chiqarish» bo‘lgan.
Hozirda xorijiy razvedka xizmatlari ko‘rsatmasi bo‘yicha Polsha Respublikasiga qarshi harakatlarni amalga oshirish maqsadida uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etish moddasi bo‘yicha ikki belaruslik va bir polyakka nisbatan ish ochildi. Ularni umrbod qamoq jazosi kutmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!