Tarixda birinchi marta ayol kishi Meksika Prezidenti bo‘ladi: 2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda, ekzit-poll ma’lumotlariga ko‘ra, Mexikoning sobiq meri va amaldagi Prezidentning himoyachisi Klaudiya Sheynbaum ishonchli g‘alaba qozondi. Bu haqda BBC xabar berdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 56 foizi Klaudiya Sheynbaumga, 30 foizi esa uning asosiy raqibi senator Ksochitl Galvesga ovoz bergan.
«Enkoll» ekzit-polli ham xuddi shunday natijalarni berdi: Sheynbaum uchun 57,8% va Galves uchun 29,1%.
Meksika saylov komissiyasi, Milliy saylov instituti birinchi natijalarni yaqin soatlarda e’lon qilishni va’da qilmoqda.
61 yoshli Klaudiya Sheynbaum prezidentlikka «Sigamos Haciendo Historia» («Tarix yaratishda davom etaylik») koalitsiyasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, uning tarkibiga uchta chap partiya, jumladan, amaldagi Prezident Andres Manuel Lopes Obradorning hukmron «Moreno» partiyasi kiradi.
Lopes Obradorning o‘zi, konstitutsiyaga ko‘ra, ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ya olmaydi va shuning uchun Sheynbaumni qo‘llab-quvvatladi.
Mexiko shahrida yahudiy oilasida o‘sgan Sheynbaum birinchi marta fizik sifatida shuhrat qozondi va 2007-yilda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel a’zosi sifatida Tinchlik bo‘yicha kollektiv Nobel mukofotini oldi.
2000-yilda o‘sha paytdagi Mexiko shahri meri Lopes Obrador Sheynbaumni poytaxt atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kotib etib tayinladi va u 2018-yilda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Obradorning o‘rniga mer etib tayinlandi.
Sheynbaum Lopes Obrador siyosatini davom ettirish va rivojlantirishga va’da beradi.
Uning saylovoldi dasturining asosiy bandlaridan biri jinoyatchilikka qarshi kurashdir. Mexiko shahri meri sifatida u poytaxtdagi qotillik darajasini so‘nggi o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt ichida eng past darajaga tushirdi, bu tajribani butun mamlakat bo‘ylab kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!