Yangiliklar

Ekstremal turizmni rivojlantirish bo’yicha topshiriq berildi

Ekstremal turizmni rivojlantirish bo’yicha topshiriq berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi bo’lib otmoqda.

Davlatimiz rahbari hozirgi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatda turizm kabi yangi ish oʻrni yaratadigan, investitsiya va eksportni koʻpaytiradigan sohalarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.

Mamlakatimiz turizm sohasida ana shunday ishga solinmagan salohiyat borligi, kuni-kecha Islom hamkorlik tashkiloti Turizm kengashiga raislik qilish vakolati Oʻzbekistonga oʻtgani ham katta imkoniyat ekani koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilar va hokimlar sohadagi tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammolarni, fikr va takliflarini oʻrganishi, ular bilan bamaslahat ish tutishi muhimligi taʼkidlandi.

Oʻtgan yil Samarqandda oʻtgan Global turizm investitsiya forumida 2,3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi. Lekin ayrim loyihalar boʻyicha ishlar sust ketayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Namangan, Andijon, Toshkent, Xorazm, Fargʻona viloyatlari va poytaxtdagi loyihalarga haligacha yer tanlanmagan. Sirdaryo va Jizzaxda xorijiy hamkorlarga birorta loyiha taklif qilinmagan.

Shu bilan birga, ishlar toʻgʻri tashkil etilgan hududlarda natija bor. Masalan, xorijiy investorlar Shahrisabz tumani Gʻelon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarlik togʻ-changʻi kompleksini tashkil qilish, Miraki qishlogʻida turizm zonasini barpo etish ishlari boshlandi.

Iqlimi, tabiati Shahrisabzga oʻxshash boʻlgan Ohangaron, Urgut, Yangiqoʻrgʻon, Pop, Chortoq, Baxmal tumanlari hokimlarida bu borada birorta tashabbus yoʻqligi tanqid qilindi.

Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida Turizm klasteri tashkil qilinadi

Shahrisabz shahri – Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 2024-yildagi turizm poytaxti deb eʼlon qilingan. Shu bois hukumat oldiga Shahrisabzda turizmni rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar qoʻyildi.

Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida Turizm klasteri tashkil qilinadi. Hisorak-Gʻyelon va Hisorak-Sarchashma yoʻli ikki tasmali qilib taʼmirlanadi.

Chiroqchi-Shoʻrquduq avtomobil yoʻlining 30 kilometri taʼmirlanib, Samarqanddan Shahrisabzga qatnov vaqti qisqaradi. Natijada Shahrisabzga koʻproq sayyohni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Shahrisabzda turizm klasterini tashkil etish doirasida 2025-yilda Gʻelondan oʻtuvchi Oqsu daryosida quvvati 24 megavattli 3 ta GESni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Shahrisabz turizm texnikumida Shveysariya dasturi asosida yiliga 100 nafar mutaxassis tayyorlanadi.

Umuman, mutasaddilar va viloyat hokimlariga turizm salohiyati yuqori 20 ta tumanni tanlab olib, Rossiya, Turkiya, Xitoydan maslahatchilarni jalb qilgan holda ushbu tumanlar master rejasini ishlab chiqish va har biriga kamida 50 million dollarlik investitsiya jalb qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

“Boysun bahori” xalqaro etno-festivali oʻtkazilayotgani natijasida Surxondaryoda sayyohlar oqimi 4 karra koʻpaydi.

Umuman olganda, yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan-yilga oshayapti. Buning uchun Parkent, Boʻstonliq, Parkent va Aydarkoʻlda imkoniyatlar yetarli. Moʻynoqda ham parashyut bilan sakrash va havo dayvingi ekstremal turizmini rivojlantirish mumkin. Buning uchun alohida havo hududi boʻlishi kerak.

Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilishga topshiriq berildi.