Jahon

Qozog’iston Tolibonni terrorchilar ro’yxatidan olib tashladi

Qozog’iston Tolibonni terrorchilar ro’yxatidan olib tashladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To’qayevning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini inobatga olgan holda qabul qilingan, deb yozadi Ulysmedia.kz.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart To’qayev KXShTga aʼzo davlatlar spikerlari bilan uchrashuvda Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratdi.

Uning fikricha, hozirgi bosqichdagi strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb etishdir.

“Qozog‘iston zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanligini anglagan holda Tolibon rejimini terrorchilar ro‘yxatidan olib tashladi”, — dedi u.

Shuningdek, Prezident Qozogʻistonning Olmaota shahrida BMTning Markaziy Osiyo va Afgʻoniston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Qosim-Jomart To’qayev, terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashish va KXShT davlatlari fuqarolari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha samarali amaliy choralar ko‘rish zarur, deb hisoblaydi.