O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2025-yilda qurilish sohasini tubdan o‘zgartiruvchi keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma’lum qildi. Quyida kutilayotgan asosiy o‘zgarishlarga to‘xtalamiz.
Bosh rejalarning raqamlashtirilishi
Shaharlar bosh rejasi GIS formatida ishlab chiqiladi va geoaxborot tizimiga yuklanadi. Toshkent va Nukus shaharlari tajriba sifatida tanlanib, ularning raqamli egizaklari yaratiladi. Ushbu yondashuv obyektlarni joylashtirish va loyihalarni kelishishda inson omilini kamaytirib, shaffoflikni oshiradi.
Arxitektura xizmatlarining soddalashtirilishi
Arxitektura sohasida davlat xizmatlari to‘liq raqamlashtiriladi. Me’moriy rejalashtirish, loyihalarni kelishish va qurilishga ruxsat berish bo‘yicha xizmatlar birlashtiriladi va bir bosqichli jarayonga aylantiriladi. Ushbu islohot hujjatlar aylanmasini uch baravarga qisqartiradi, xizmat ko‘rsatish muddati esa 20 kungacha kamayadi.
Loyihalarni ekspertiza qilishda zarur hujjatlarni olish jarayoni ham raqamlashtiriladi. Masalan, yer ajratish qarori, arxitektura topshirig‘i, loyiha kelishuvi, toposyomka va texnik ko‘rik xulosalari maxsus bazalardan integratsiya orqali olinadi. Bu jarayon ekspertiza vaqtini 25 foizga qisqartirib, turli soxtakorliklarning oldini oladi.
“Xavfsiz lift” tizimi
Ko‘p qavatli uylar uchun “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi ishlab chiqiladi. 8 942 ta lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning pasportlari va muvofiqlik sertifikatlari joriy etiladi. Kelgusi 5 yilda 2 001 ta lift yangilanadi, 382 tasi esa ta’mirlanadi. Ushbu tizim texnik nazoratni yaxshilash bilan birga xavfsizlik darajasini oshirishni maqsad qilgan.
Ko‘p qavatli uylarning pasportlashtirilishi
Eski uylarning texnik holatini aniqlash uchun 1991-yilgacha qurilgan uylar xatlovdan o‘tkazilib, texnik pasportlar yaratiladi. Ushbu pasportlar orqali har bir uy holati, ta’mirlanishi yoki renovatsiyaga tushishi kerak bo‘lgan holatlar aniqlanadi. Natijada, barcha ma’lumotlar yagona elektron bazaga kiritiladi va uydagi muammolarni aniq kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Issiqlik ta’minotining modernizatsiyasi
Kelgusi yillarda 110 ta loyiha doirasida:
— 102 ta qozonxona modernizatsiya qilinadi,
— 1 088 km issiqlik tarmoqlari yangilanadi,
— 6 048 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatilib, tizim “ochiq”dan “yopiq”ga o‘tkaziladi.
Natijada, 6 720 ta ko‘p qavatli uy va 913 ta ijtimoiy obyektning issiqlik ta’minoti yaxshilanadi.
“Uzbekistan Building Code”
Qurilish sohasidagi 55 ta eskirgan texnik-normativ hujjat zamonaviy talablarga moslashtiriladi. Xalqaro standartlarga mos keluvchi yangi “Uzbekistan Building Code” ishlab chiqiladi. Ushbu hujjatlar yordamida qurilishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va binolarning xavfsizlik darajasini oshirish maqsad qilingan.
Ichimlik suvi ta’minoti
Davlat va xususiy sektor hamkorligida olis hududlarda ichimlik suvi inshootlari va tarmoqlari barpo etiladi. Bu maqsadlar uchun yillik byudjetdan 50 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bodi-kameralar va videokuzatuv texnologiyalari
Qurilish resurslari milliy klassifikatori joriy etilib, smetalarni hisoblash jarayoni raqamlashtiriladi. Qurilish nazorati inspeksiyasi faoliyati real vaqt rejimida kuzatiladi, bodi-kameralar va videokuzatuv texnologiyalari ishga tushiriladi.
Texnikumlar va kasbga tayyorlash markazlarida ishchilarga malaka berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Tajribali mutaxassislar Kompetensiyani rivojlantirish institutida maxsus dasturlarga jalb qilinadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!