Xitoyning mashhur «Lookwe», «Psearcher» va «Kitay» nashrlari saytida bugun Toshkentda bo’lib o’tayotgan «Markaziy Osiyo – Xitoy» IV forumiga bag’ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.
«4-iyun kuni Toshkentda «Umumiy farovonlik va barqaror taraqqiyot yo’lida o’zaro manfaatli hamkorlik» mavzusida tahlil markazlarining «Markaziy Osiyo – Xitoy» IV forumi bo’lib o’tadi», – deyiladi maqolalarda.
Ma’lum qilinganidek, forum O’zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti hamkorligida tashkil etilyapti.
Qayd etilishicha, tadbir O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil may oyida Sian shahrida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari sammitida bildirilgan tashabbuslarini amalga oshirish doirasida o’tkazilmoqda.
Unda 20 ta ilmiy-tadqiqot va tahliliy markazlardan 40 dan ortiq mutasaddi va ekspertlar, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining O’zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etadi.
«Forum yakuni bo’yicha tomonlar o’rtasida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining dolzarb yo’nalishlari belgilab olinadi, shuningdek, yangi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqiladi», – deb yozgan Xitoy OAV.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!