Qoraqalpog‘istonda IIB boshlig‘i o‘rinbosari pora olayotgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mansab vakolatidan foydalangan holda fuqaroga tegishli sirni fosh qilib, uni javobgar qilmoqchi bo‘lgan IIB mansabdori tovlamachalik yo‘li bilan fuqarodan Iphone 15 Pro Max talab qilgan.
Da’vogarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mansabdor Qo‘ng‘irot tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, mayor unvoniga ega IIO xodimi bo‘lgan.
Mansabdorning gaplaridan qo‘rqib ketgan jabrlanuvchi fuqaro DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasiga murojaat qilib, yordam so‘ragan.
Murojaatga asosan olib borilgan tadbirda mansabdor fuqarodan talab qilingan telefonni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!