Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) Yevropada kuzatuv ishlarini olib borgan Isroil tashqi razvedka xizmati (Mossad) agentlarini fosh qildi. Bu haqda “Sabah” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, josuslar aprel oyida Istanbulda qo‘lga olingan.
Nashr ushbu ish yuzasidan olib borilayotgan tergov tafsilotlarini qo‘lga kiritgan. Qayd etilishicha, josuslik guruhida 9 kishi bo‘lgan va ulardan 8 nafari 2023-yilda fosh etilgan. “Mossad” aʼzolarining olti nafari maxfiy hukumat maʼlumotlarini qo‘lga kiritish, shuningdek, siyosiy-harbiy josuslikda ayblanyapti. Ayni paytda guruh aʼzolaridan biri – asli livanlik shaxs qidirilmoqda.
Nashrning yozishicha, josuslik tarmog‘i rahbari sug‘urta kompaniyasi egasi Ahmed Ersin Tumlujali bo‘lgan. “Mossad” tomonidan jo‘natilgan topshiriqlarni bajarishda unga oila aʼzolari ham ko‘maklashgan. Ular Germaniya, Turkiya, Gruziya va Livanda sionistlarni qiziqtirgan shaxslarni kuzatgan va suratga olgan.
Shuningdek, Tumlujali Yevropaning turli davlatlariga borib, “Mossad” koordinatorlari bilan uchrashib turgan. Tergov paytida u “josuslik faoliyati” uchun 300 ming yevrogacha haq olishini maʼlum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Isroilning mashhur «Temir gumbaz»ini “ko‘r” qilib, HAMAS raketalari qarshisida ojizga aylantirgan falastinlik hakerni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan ikki nafar yahudiy agenti Istanbulda qo‘lga tushgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!