Jahon

Ukraina va AQSH xavfsizlik shartnomasini imzoladi

Ukraina va AQSH xavfsizlik shartnomasini imzoladi

Ukraina va Qo‘shma Shtatlar Italiyada bo‘lib o‘tgan G7 sammitida 10 yillik ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik mavqedoshi Jo Bayden bilan qo‘shma matbuot anjumanida kelishuv imzolangan kunni “tarixiy” deb atadi.

«Ushbu kelishuv barqaror tinchlikni kafolatlaydigan qadamlar haqidadir, shuning uchun u butun dunyoga foyda keltiradi», dedi Ukraina rahbari.

Shuningdek, Zelenskiy kelishuv Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun “ko‘prik” ekanligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Jo Bayden Ukraina uchun barqaror tinchlik “mamlakatning o‘zini hozirgi tahdidlardan himoya qilish va kelajakdagi har qanday tajovuzni oldini olish qobiliyati bilan bog‘liq” ekanini ta’kidladi.

Ukraina allaqachon 16 davlat: Buyuk Britaniya, Germaniya, Islandiya, Daniya, Ispaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Portugaliya, Belgiya, Latviya, Finlyandiya, Italiya, Fransiya, Kanada, Yaponiya va Niderlandiya bilan ikki tomonlama xavfsizlik shartnomalarini imzolagan.