Armaniston Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ma’lum qilindi.
Vazirlik o‘z qaroriga sabab sifatida “G‘azodagi halokatli gumanitar vaziyat” ekanini ko‘rsatgan va rasmiy Yerevan xalqlarning sulh bilan yashashi tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, Falastin davlatini tan oladi.
“Yuqorida aytilganlarga asoslanib, xalqaro huquq hamda tenglik, suverenitet va xalqlarning tinch-totuv yashashi tamoyillariga sodiqligini tasdiqlagan holda Armaniston Respublikasi Falastin davlatini tan oladi”, deyiladi Armaniston TIV bayonotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, Armaniston qarori Falastinning o‘z suverenitetini xalqaro miqyosda tan olishga qaratilgan ko‘p yillik diplomatik sa’y-harakatlari ortidan qabul qilingan. Armanistonning Falastinni tan olishi arab davlatining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydi va boshqa davlatlar uchun ham xuddi shunday harakatlarga turtki bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Kavkaz davlati BMT Bosh Assambleyasining G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyalariga qo‘shilgan. Bundan tashqari, Armaniston Respublikasi Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish hamda yahudiy va Falastin xalqlari o‘rtasida doimiy yarashuvni o‘rnatish tarafdori.
“Turli xalqaro platformalarda bizning pozitsiyamiz doimo Falastin muammosini tinch va keng qamrovli hal etish tarafdori bo‘lib kelgan va biz Isroil-Falastin mojarosining “ikki davlat” tamoyili asosida yechimini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, bu falastinliklar ham, isroilliklar ham o‘z qonuniy orzularini ro‘yobga chiqarishini ta’minlashning yagona yo‘li”, deya ta’kidlanadi TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sloveniya, Daniya, Norvegiya va Ispaniya ham Falastin davlatini rasman tan olgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!