Tahlil

Putinning Vyetnamga safari: Rossiya Ukrainaga hujumni kuchaytiradimi?

Putinning Vyetnamga safari: Rossiya Ukrainaga hujumni kuchaytiradimi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya va Vyetnam safarlari yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida chiqish qilar ekan, Ukrainadagi urushga oid bir necha bayonot berdi. Bu haqda rus nashrlari maʼlum qildi.

Xususan, Putin Rossiya qo‘shinlarining, Ukraina talab qilayotganidek, ishg‘ol etilgan hududlardan olib chiqib ketilishi “aftidan, hech qachon ro‘y bermaydi”, degan. Unga ko‘ra, g‘arb mamlakatlari siyosatchilarining Rossiyani “jang maydonida strategik mag‘lubiyatga uchratish” istagi Kremlni faqatgina “oxirigacha borish”ga majbur qilishi mumkin, xolos.

“G‘arb mamlakatlari siyosatchilari bizning strategik mag‘lubiyatimizga erishishni xohlayotganlarini aytishmoqda, biroq Rossiya uchun bu o‘z davlatchiligining tugaganini anglatadi. Ahvol shunday bo‘lganidan keyin «Nimadan qo‘rqishimiz kerak, oxirigacha borganimiz yaxshi emasmi?” degan masala ko‘ndalang bo‘ladi”, – deya iqtibos keltirgan “Meduza” nashri Putinning so‘zlaridan.

Rossiya prezidenti o‘z so‘zida hozirda dushman tomonidan yadro quroli qo‘llanilishiga javobangina yadroviy qurol ishlatishni nazarda tutadigan mamlakat yadroviy doktrinasiga o‘zgartishlar kiritish ehtimoli haqida o‘ylayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

“Biroq doktrinada bizga preventiv zarba kerak emas, biz javob zarbasida ham dushmanni yo‘q qila olamiz”, – deya o‘z so‘ziga aniqlik kiritgan Putin.

Shunga qaramay, Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralar “ertagayoq” boshlanishi mumkinligini ham istisno qilmagan, biroq Rossiya bu holda front chizig‘idagi mavjud vaziyatdan kelib chiqishini aytgan.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mojaroni tartibga solish bo‘yicha takliflar “doimo amal qilmaydi”, to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatdan kelib chiqib o‘zgarib turadi.

“Agar Kiyev muzokaralarni boshlashni bizning qo‘shinlarimizning olib chiqib ketilishi bilan bog‘lamoqchi bo‘lsa, bu hech qachon sodir bo‘lmaydi, chunki Kiyev rejimi hokimiyatdan ketishni istamaydi. Demak, Kiyevdagilar bizning qo‘shinlarimiz o‘sha yerda qolaverishidan manfaatdor”, – degan Putin.

Putin Ukrainaga qurol-yarog‘lar yetkazib berilayotganiga qarshi Rossiya G‘arbga dushmanona kayfiyatda bo‘lgan boshqa davlatlarga qurollar yetkazishi mumkinligini aytib o‘tgan. Uning fikricha, G‘arb davlatlari keyin bu qurollardan qayerda va kimlar foydalanishi mumkinligi haqida bosh qotirishi kerak.

Eʼtiborlisi, Shimoliy Koreyada bo‘lganidek, Vyetnamda ham ikki davlat mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan. Bu haqda  Rossiya davlat rahbarining Xanoyga tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat qo‘shma bayonotida keltirilgan.

«Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya-Vyetnam munosabatlari tizimida alohida o‘rin tutadi va uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan. Bunday hamkorlikning maqsadi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni taʼminlashga hissa qo‘shishdir», deyiladi ushbu hujjatda.

Maʼlumot uchun, Shimoliy Koreya bilan strategik mudofaa shartnomasini imzolagan Putin Vyetnamga bordi. 20-iyun kuni u Xanoyda Vyetnam prezidenti To Lam bilan uchrashdi. Keyinroq ikki tomonlama muzokaralar va imzolangan hujjatlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Vyetnam bosh vaziri Fam Min Tin bilan nonushta va Vyetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong bilan suhbat formatida muzokaralar o‘tkazildi. Bu Putinning Vyetnamga beshinchi safari, u avvalroq 2001, 2006, 2013 va 2017-yillarda ushbu Osiyo davlatiga tashrif buyurgan.

Sovet Ittifoqi davridan beri Vyetnam Moskvaning ittifoqchisi hisoblanadi. Xususan, ushbu tashrifdan so‘ng Vetnam Kommunistik partiyasining nashri hisoblangan Nhan Dan gazetasi Putin Xanoyga «Ukraina inqirozidagi muvozanatli pozitsiyasi» uchun minnatdorlik bildirgani haqida yozdi.

AFP agentligining maʼlum qilishicha, Moskva o‘nlab yillar davomida Vyetnamning eng muhim qurol yetkazib beruvchisi bo‘lib, 1995-yildan 2023-yilgacha importning 80 foizdan ortig‘i uning hissasiga to‘g‘ri kelgan. Biroq, Ukrainada urush boshlanib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilgach, bu savdolar hajmiga ham taʼsir qilgan.

Unga ko‘ra, Rossiya va Vyetnam «anʼanaviy va yangi xavfsizlik muammolariga, jumladan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qiladi». Ikki davlat birgalikda qarshi chiqmoqchi bo‘lgan «anʼanaviy va yangi xavfsizlik muammolari» qatorida «hududiy nizolar» va «tashqaridan davlat to‘ntarishlarini qo‘zg‘atish» tilga olingan.

Ikki davlat yetakchilari, shuningdek, Vyetnamdagi Yadro fanlari va texnologiyalari markazi loyihasini amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib olgan.