Jahon

AQSH Rossiya viza markazining mamlakatdagi filiallarini yopdi

AQSH Rossiya viza markazining mamlakatdagi filiallarini yopdi

AQSH Rossiya viza markazining mamlakatdagi filiallarini yopdi. Bu haqda Rossiyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Anatoliy Antonov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Amerika ma’muriyati Rossiya viza markazining AQSHdagi ikkita filialining faoliyatini to‘xtatdi. Bundan tashqari, ular rossiyalik diplomatlarni mamlakatda soliq to‘lamaslik imkoniyatidan mahrum qilishmoqchi.

“Har kuni bizga qarshi hujumlar uyushtirilmoqda. Bir soat oldin, amerikaliklar bizga viza markazi yopilgani haqida xabar yuborishdi. Men shuni aytmoqchimanki, biz o‘z vatandoshlarimizni tashlab qo‘ymaymiz. Bu, shunchaki, ruslar va rossiyalik diplomatlarga qarshi qaratilgan yana bir kichik, jirkanch hujum”, deydi Antonov.

Biroq Qo‘shma Shtatlar o‘z harakatlarini izohlamagan. Elchi, shuningdek, diplomatlarning o‘zi faoliyat olib borayotgan davlatida soliq to‘lamaslik huquqi ham buzilayotganini qoraladi.

Shunga qaramay, Rossiyaning AQSHdagi diplomatik missiyasi rahbari rus diplomatlari o‘z ish faoliyatini to‘xtatmasligini aytdi. Uning aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlar viza markazining ikkita – Vashington va Nyu-Yorkdagi filiallarini yopdi.

Shuningdek, Oq uy va Davlat departamenti vakillari bilan maslahatlashuvlar chog‘ida, u har doim rossiyalik konsullik xodimlari xotirjam va professional ishlashini ta’kidlagan. Elchining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya diplomatik vakolatxonalari atrofidagi vaziyat borgan sari keskinlashmoqda.