Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yana-da mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash, bunda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) qo‘shimcha bandlar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Yaʼni, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olish jarayoniga jalb qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini tayinlash belgilanmoqda.
Shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olish jarayoniga jalb qilishga, yaʼni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar yoxud maxsus diniy maʼlumoti bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy taʼlim berayotgan shaxslar ixtiyoriga diniy taʼlim olishi uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!