Jahon

Isroilda ultraortodoksal yahudiylar majburiy harbiy xizmatga chaqiriladi

Isroilda ultraortodoksal yahudiylar majburiy harbiy xizmatga chaqiriladi

25-iyun kuni Isroil Oliy sudi bir ovozdan ultraortodoksal erkaklarni majburiy harbiy xizmatga chaqirish bo‘yicha qaror chiqardi.

Sud qaroriga ko‘ra, mamlakatda yahudiy seminariyasi talabalari va boshqa chaqiriluvchilar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadigan qonun yo‘qligi sababli Isroilning majburiy harbiy xizmat tartibi boshqa fuqarolar singari ultraortodoksallarga ham tegishli bo‘ladi.

Shu paytgacha ultraortodoksal yahudiylar majburiy harbiy xizmatdan ozod qilingan edi. Bu istisnolar uzoq vaqtdan beri boshqa toifalarning g‘azabiga sabab bo‘lardi. Isroilning G‘azoga bosqini esa bu kelishmovchilikni yanada kuchaytirdi.

Shundan kelib chiqib, bosqinchi davlat sudi «barcha odamlar qonun oldida tengligi va ayni paytgacha bu tamoyilga rioya etilmayotgani»ni aniqlagan.

Netanyaxu boshchiligidagi hukumatning ortodoksal yahudiylarni armiyaga chaqirmaslikka urinishlari dunyoviy partiyalar, Isroil muxolifati, shuningdek, halok bo‘lgan askarlarning qarindoshlari orasida norozilik uyg‘otgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, yangi tartib  Netanyaxu hukmron koalitsiyasining yemirilishiga olib kelishi mumkin. Qonun loyihasi tanqidchilari ortodoksal yahudiylarning harbiy xizmatga yoki dunyoviy ishlarga tayyor emasligini aytishmoqda. Imtiyozlarning olib tashlanishi ularning koalitsiyadan chiqib ketishiga oqibatda hukumatning qulashiga va yangi saylovlar o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin.

Maʼlumot uchun, ortodoksal yahudiylar Isroil aholisining taxminan 13 foizini tashkil qiladi.