Jahon

Rossiyada Yevropaning OAV lari bloklandi

Rossiyada Yevropaning OAV lari bloklandi

Rossiya mamlakat hududida Yevropa Ittifoqining o‘nlab ommaviy axborot vositalariga kirish imkoniyatini chekladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlik taqdim qilgan ro‘yxatga 81 ta nashr va agentlik kiritilgan. Ular orasida “Agence France-Presse”, “Politico”, “La Stampa”, “La Repubblica”, “El Pais”, “El Mundo”, “Der Spiegel” singari ommaviy axborot vositalari bor.

Ma’lum qilinishicha, ushbu taqiqlar Rossiyaning “RIA Novosti”, “Izvestiya” va “Rossiyskaya gazeta” nashrlarining Yevropa Ittifoqidagi eshittirishlarini taqiqlanishiga javoban amalga oshirilmoqda.

“Siyosiy sabablarga ko‘ra, bir necha bor mahalliy jurnalistlar ta’qib qilinishi hamda Rossiya OAVlariga Yevropa Ittifoqi hududidagi asossiz taqiqlar e’tibordan chetda qolmasligi haqida Rossiya alyansni ogohlantirdi”, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Ro‘yxatga 25 davlatning OAVlari kiritilgan. Ular orasida Germaniyaning “Die Zeit” jurnali, Polshaning “Belsat” telekanali, Fransiyaning “Le Monde” va “Liberation” gazetalari, “EUobserver” internet nashri, Shvetsiyaning SVT teleradiokompaniyasi ham bor. Tashqi ishlar vazirligining qo‘shimcha qilishicha, agar Rossiya ommaviy axborot vositalariga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlansa, rasmiy Moskva ham ko‘rsatilgan media nashrlarga nisbatan o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqadi.