Hujjat bilan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va uning tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarining mulki, bino va inshootlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ijara shartnomasini tuzish huquqini qo‘lga kiritish uchun onlayn-auksion “E-auksion” platformasi orqali amalga oshiriladi. Ijara shartnomasi “Online-ijara.uz” tizimida ro‘yxatga olinadi. Shuningdek, Jazoni ijro etish muassasalariga Face-ID identifikatsiya tizimi mavjud bo‘lgan infokiosklarni o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.
Jazoni ijro etish departamenti tomonidan mahkumlarning ehtiyojidan kelib chiqib, jazoni ijro etish muassasalariga o‘rnatiladigan infokiosklar soni va texnik talablari belgilanadi.
Departament infokiosklarni o‘rnatish bo‘yicha tanlov komissiyasi shakllantiriladi va ushbu komissiya mahkumlar va ularning qarindoshlari tomonidan buyumlarni elektron do‘konlar orqali sotib olish imkoniyatini yaratish uchun infokiosklarni o‘rnatish istagini bildirgan investorlarni aniqlash uchun davriy nashrlarda va IIVning rasmiy veb-saytida tanlov eʼlon qiladi.
Tanlov g‘olibini aniqlashning mezonlari:
talabgorning tanlovga qadar elektron savdo sohasida bir yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega ekanligi;
talabgorning Face-ID identifikatsiya tizimi mavjud bo‘lgan infokiosklar orqali savdo qilish imkonini beruvchi dasturga ega ekanligi;
talabgorning barcha jazoni ijro etish muassasalariga infokiosklarni o‘rnatish uchun kiritadigan investitsiya (pul) mablag‘lariga ega ekanligi;
faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomaga ega ekanligi;
moliyaviy axvolining barqarorligi, soliq va yig‘imlardan qarzdorligi mavjud emasligi;
infokiosklar orqali tovar va mahsulotlarni yetkazib berish uchun yetarli moddiy-texnik hamda logistika bazasiga ega ekanligi.
G‘olib bo‘lgan investor bilan 6 oydan 3 yilgacha muddatga shartnoma tuziladi Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 29-iyundan kuchga kirdi.
- Avvalroq o‘zbekistonlik deputatlar jinoyatlar soni ortgani sabab shartli ozod qilish tizimini qayta ko‘rib chiqishni taklif etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
- Senat esa mart boshlarida bu boradagi tegishli qonunni ma’qullagandi.
- Aprel oxirlarida Ichki ishlar vazirligi “Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning videouchrashuv orqali onlayn uchrashish imkoniyatlari takomillashtirilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ygan edi.