HAMAS G’azodagi urushni tugatish bo’yicha kelishuvning birinchi bosqichi boshlanganidan 16 kun o’tib isroillik asirlarni ozod qilish bo’yicha muzokaralarni boshlash haqidagi AQSh taklifiga rozi bo’ldi. Bu haqda Reuters agentligiga HAMASning yuqori martabali manbasi ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, guruh Isroildan birinchi navbatda doimiy sulh tuzishni talab qilishdan bosh tortgan. Buning o’rniga HAMAS kelishuvning olti haftalik birinchi bosqichida sulh bo’yicha muzokaralar olib borishga tayyor.
Tinchlik muzokaralaridan xabardor Falastin rasmiysining aytishicha, agar Isroil uni qabul qilsa, bu taklif asosli kelishuvga olib kelishi mumkin. Isroil muzokaralar guruhidagi manba hozir kelishuvga erishish uchun real imkoniyat borligini ta’kidladi.
Yangi taklifda vositachilar kelishuvning ikkinchi bosqichi bo‘yicha bilvosita muzokaralar chog‘ida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar yordam yetkazilishi va Isroil qo‘shinlarining olib chiqilishini kafolatlashini nazarda tutadi.
So’nggi kunlarda AQSh, Isroil va muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Qatar o’rtasida diplomatik aloqalar faollashdi. Mintaqaviy manbaning aytishicha, Bayden ma’muriyati noyabr oyidagi prezidentlik saylovlari oldidan kelishuvga erishmoqchi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Mossad razvedka xizmati rahbari Qatardagi vositachilar bilan birinchi uchrashuvidan qaytganini va muzokaralar kelasi hafta davom etishini tasdiqladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!