Jahon

AQSH qo‘shinlari Nigerdagi 101-havo bazasini tark etdi

AQSH qo‘shinlari Nigerdagi 101-havo bazasini tark etdi

AQSH harbiylari Niger poytaxti Niamey aeroporti yaqinidagi 101-havo bazasidan o‘z xodimlari va harbiy texnikalarini olib chiqdi. Bu haqda Reuters agentligi ikki davlat mudofaa vazirliklarining qo‘shma bayonotiga tayanib xabar berdi.

Nigerda taxminan 950 nafar Amerika xavfsizlik kuchlari xizmat olib borayotgan bo‘lsa, ularning 766 nafari mamlakatni tark etdi. Mamlakat markaziy qismidagi Agadezda joylashgan qiymati 100 million dollar bo‘lgan uchuvchichiz uchoqlar bazasida harbiy xizmatchilarning oxirgi guruhi mamlakatda qolmoqda. Ularning sentyabr o‘rtalaridan olib chiqilishi kutilmoqda. Amerikaliklar olib chiqib ketgan qurol-yarog‘larning og‘irligi 1590 tonnadan oshadi.

AQSH harbiy-havo kuchlari general-mayori Kennet Ekman juma kuni 201-havo bazasi deb ataladigan mazkur baza qurollangan guruhlar haqida muhim razvedka maʼlumotlarini taqdim etayotganini taʼkidlab, bu yerdagi qo‘shinlar avgust oyida olib chiqilishini maʼlum qildi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Niger hukumati AQSH bilan harbiy hamkorlik shartnomasini bekor qilgandi. Aprel oyida esa Nigerdagi hukmron xunta Qo‘shma Shtatlarga 1000 ga yaqin askarini mamlakatdan olib chiqishni buyurgan va buning uchun 15-sentyabrgacha muhlat berdi.

Aprelning o‘zida 100 nafar rossiyalik harbiy mutaxassis Nigerga yetib keldi.