Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 2019-yilda tashkil etilgan ushbu taʼlim maskani 6,4 ming o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.
Shu yerda Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi. O‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu kam.
Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.
Prezident universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!