Fransiya hukumati Olimpiada arafasida Parijdan 5 mingga yaqin uysizni quvib chiqardi. Politsiya minglab uysiz muhojirlarni avtobuslarga mindirib, Fransiyaning chekka hududlariga jo‘natgan. Muhojirlarning xabar berishicha, hukumat ularni boshqa shaharlarda uy bilan taʼminlashga vaʼda bergan, ammo ular uydan uzoqda notanish ko‘chalarda qolgan yoki deportatsiya uchun belgilangan, deb yozadi The New York Times (NYT).
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Olimpiya o‘yinlari mamlakatning buyukligini namoyish etishiga vaʼda berdi. Ammo Olimpiya qishlog‘i Parijning eng qashshoq chekka tumanlaridan birida qurilgan bo‘lib, bu yerda minglab odamlar ko‘chalarda chodirlarda, boshpanalarda yoki tashlandiq binolarda yashardi.
“Bizni Olimpiada tufayli qayerga ketayotganimizni tushuntirmasdan olib ketishdi”, – deydi Olimpiya qishlog‘i yaqinidagi tashlandiq sement zavodidan haydalgan chadlik Muhammad Ibrohim. U avvaliga Parij janubidagi bo‘sh binoga ko‘chib o‘tgan, u yerdan aprel oyida politsiya tomonidan quvib chiqarilgan. Avtobusda janubi-g‘arbiy tomonga, Orlean yaqinidagi shaharchaga olib borilgan.
“Bizga uy-joy va ijtimoiy yordam vaʼda qilingandi. Lekin oxir-oqibat taqdir hukmiga tashlab ketildik”, – deydi Sharl de Goll aeroportida samolyot tozalovchi bo‘lib ishlaydigan sudanlik Yusuf Ahmad.
Parij va uning atrofida 100 ming boshpanasiz odam uchun boshpana yetarli emas. Hukumat, xususan, uysiz odamlarni mamlakatning boshqa hududlariga taqsimlash orqali muammoni yengishga harakat qilmoqda. O‘tgan yili Fransiya hukumati 10 ta vaqtinchalik boshpana ochgan.
Shu bilan birga, Makron hukumati uysizlarning Parijdan olib chiqilishi Olimpiada bilan bog‘liqligini rad etadi. Biroq ismini oshkor etmagan hukumat uy-joy xizmati xodimining NYT ga aytishicha, kampaniyadan maqsad aynan “Olimpiada o‘tkaziladigan joylarga yaqin hududlarda ko‘chadagi odamlarni aniqlash” va ularni O‘yinlar oldidan boshqa joyga ko‘chirishdir.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!