Jahon

Suv nasoslaridan noqonuniy foydalangan fermerlar jazoga tortildi

Suv nasoslaridan noqonuniy foydalangan fermerlar jazoga tortildi

Joriy yilning o‘tgan davrida fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan suv nasoslaridan foydalanishda 240 ta holatda 27,9 mlrd. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Ushbu holatlar bo‘yicha 116 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 13 ta shaxs qamoqqa olingan.

Nukus tumanidagi “B.T.” fermer xo‘jaligi rahbari A.A. xo‘jalikka tegishli elektr hisoblagichning sxemalariga tashqi taʼsir ko‘rsatib, 1 mlrd. 684 mln. so‘mlik (1 mln. 871 ming kVt-soat) elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Qiziriq tumanidagi “S.H.” fermer xo‘jaligi rahbari A.I. “S.C.T.C.” MCHJ va tuman elektr taʼminoti korxonasi mansabdorlari bilan til biriktirib, suv nasosini o‘zboshimchalik tarmoqqa ulab 476,2 mln. so‘mlik (529,1 ming kVt-soat) elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Mazkur holatlar yuzasidan JKning 169-moddasi, 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

Dehqon va fermerlarga faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanish tavsiya etiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.

Shuni unutmangki, energoresurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari fosh etiladi va jazo muqarrarligi taʼminlanadi.