Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida 13 yoshli qizning jasadi o‘z uyidan qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Viloyat IIB uni o‘ldirishda gumonlangan erkakka nisbatan qidiruv eʼlon qildi.
Maʼlum qilinishicha, Yangiyer shahar “Obod yurt” mahallasi Samarqand ko‘chasi 8-uy, 7 xonadonda yashovchi, 1975-yilda tug‘ilgan Xolto‘rayev Yo‘ldoshali Ashurovich og‘ir turdagi jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qidirilmoqda.
Alohida belgilari: bo‘yi 170-175 sm atrofida, bug‘doyrang, ozg‘indan kelgan, egnida sariq-ko‘k chiziqli ko‘ylak, qora rangli shim va oyog‘ida qora rangli tufli bo‘lgan.
Ushbu shaxs haqida maʼlumotga ega bo‘lgan fuqarolardan quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilish so‘raldi:
102 qisqa raqami, (67) 343-52-22, (67) 343-51-11, (78) 221-02-73, (67) 350-11-02, (88) 908-22-00
Xabar berganlarning shaxsiga oid maʼlumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi. Ushbu fuqaro topilishida ko‘maklashgan fuqarolar 10 million so‘m pul mablag‘i bilan mukofotlanadi.
Avvalroq qizning onasi bu qotillikda ishqiy munosabat bildirib yurgan erkakdan gumon qilayotganini taʼkidlagan edi. Aytishicha, erkak oilasiga biror marta yomon so‘z gapirmagan, ayolga uni yoqtirib qolganini bildirgan.
“Eng mehribon qizim o‘sha edi. Bitta gumonim Yo‘ldosh degan odamdan. U bizga yomon gapirmasdi. Shu sababli unga ishonib shunaqa ahvolga tushib o‘tiribmiz. U orqamdan rosa yurar edi. Ichmasangiz, yaxshi odam bo‘lsangiz, mayli dedim, rozilik bergandim.
Ishdan kelganimda eshigimda qulf sal osilib turgan edi. Hayron qoldim-da, qizimni chaqirdim, indamadi. Qarasam yotgan ekan. Keyin bilsak, allaqachon o‘lgan ekan. Kiyimlari yirtilmagan, butun edi”, deydi ayol.
Tanishuviga bir oy bo‘lgan erkak ona va qizlarning ishonchiga kirgan bo‘lgan. Voqea sodir bo‘lgan kuni erkak marhumaning opalariga uyga kirmasliklarini aytib, chalg‘itgan.
Qotillikda gumon qilinayotgan shaxs 9 kundan buyon qidirilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!