Polsha deputatlari koʼpchilik ovoz bilan harbiylar va chegarachilarga Belarusdan mamlakatga noqonuniy yoʼl bilan oʼtmoqchi boʼlgan muhojirlarga haqiqiy oʼqlardan otish imkonini beruvchi yangi qonunni qabul qilishdi.
Qonun oʼtgan haftada muhojir Belarus hududidan turib uloqtirgan nayzadan halok boʼlgan polshalik chegarachining fojiali oʼlimi ortidan qabul qilindi.
Polsha Seymida qonun qabul qilinishi uchun 401 nafar parlamentariy ovoz berdi, faqat 17 nafari qarshi chiqdi.
Yangi qonun qurol olib yurgan ofitserlarni “davlat chegarasi yaxlitligiga noqonuniy hujum” paytida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining “hayoti, sogʼligʼi va erkinligi” xavf ostida boʼlganida, oʼzini himoya qilish yoki “oldini olish” maqsadida foydalansa, javobgarlikdan ozod qiladi.
Shanba kuni Polsha askarlari va chegarachilari yana koʼp sonli noqonuniy muhojirlar bilan bogʼliq mojaroga duch kelishdi. Polsha ommaviy axborot vositalarida tarqalgan videotasvirlarda harbiylar qalqon ortida mudofaa chizigʼini tashkil qilgani, muhojirlar guruhlari yigirma metr narida turgani aks etgan. Muhojirlardan biri chegarachilar tomon nayza uloqtirgan, chegarachilar esa ularga qarata elektroshok snaryad irgʼitgan.
Amnesty International tashkiloti yangi qonunni tanqid qilib, bu xavfli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etdi.
Polsha-Belarus chegarasini buzib oʼtishga urinayotgan qochqinlar asosan Iroq, Аfgʼoniston, Yaqin Sharq va Аfrika davlatlaridan. Ularning soni muttasil oʼsib bormoqda – 2023-yilda qoʼshni Belarusdan Polshaga 26 mingga yaqin muhojir kelgan. Bu 2022-yilga nisbatan qariyb 10 mingtaga koʼpdir.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!