Jahon

Saudiya Arabistoni Yamanga zarba berishga aloqadorligini rad etdi

Saudiya Arabistoni Yamanga zarba berishga aloqadorligini rad etdi

Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi vakili ijtimoiy tarmoqlar va OAVda qirollik Isroil Yamanning Hudayda shahriga bergan aviazarbalariga aloqador ekani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

“Qirollikning Hudaydaga qilingan hujumga aloqasi yoki bog‘liqligi yo‘q va qirollik hech kimning o‘z havo hududini buzishiga yo‘l qo‘ymaydi”, – dedi Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi matbuot kotibi, brigada generali Turki Al-Maliki.

Avvalroq ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Isroil segmentida Saudiya Arabistoni Isroilning Yamanga zarbasi uchun havo hududini taqdim etgani haqidagi maʼlumotlar tarqalgan edi.

Jumladan, Yedioth Ahronoth nashri mazkur hujum Saudiya Arabistoni bilan muvofiqlashtirilgan holda o‘tkazilganini maʼlum qildi. Israel Hayom gazetasi esa Saudiya Arabistoni Isroilning Hudayda portiga hujumidan mamnunlik bildirgani haqida yozdi.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi yakshanba kuni Yamandagi harbiy vaziyat keskinlashib borayotganidan chuqur xavotir bildirdi va barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlikka chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 20-iyul kuni Isroil Yamandagi husiylarning avvalroq Tel-Avivga uchuvchisiz uchoq bilan muvaffaqiyatli hujumiga javob sifatida Yaman g‘arbidagi Hudayda portini bombaladi. AQSH va Britaniya qurolli kuchlari dastagi bilan 12 ta harbiy samolyot orqali berilgan zarbalar natijasida neft zaxiralari, elektr tarmoqlari va boshqa infratuzilmalarga zarar yetdi, ko‘plab odamlarning halok bo‘lgani va jarohatlangani maʼlum qilindi.