Rossiya sudlari Ukrainadagi urush paytida 53 nafar faol va muxolifatchini majburiy psixiatrik davolanishga hukm qildi. Bu haqda Moskow Times 7×7 nashriga tayanib xabar qildi.
Qayd etilishicha, «Memorial» inson huquqlari markazi boshqaruvi aʼzosi, tarixchi Аleksey Makarovning nashrga aytishicha, zamonaviy Rossiyada majburiy psixiatrik davolanishga yuborish SSSRdagidek keng koʼlamli emas, buning ustiga jamiyat tashxisning haqiqiyligini aniqlashi uchun tibbiy hujjatlardan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
“Bizda ruhiy kasalxonalarda nimalar sodir boʼlayotganini nazorat qilish mexanizmlari kam. Serbskiy nomidagi sud-psixiatriya institutida monopoliya mavjud boʼlib, davlat va psixiatrlarga bunday amaliyotlarni kengaytirishga hamda ulardan qoʼpolroq foydalanishga hech narsa toʼsqinlik qilmaydi”, – deb tushuntirdi Makarov.
Uning qoʼshimcha qilishicha, agar buning uchun «toʼgʼridan-toʼgʼri siyosiy buyurtma» boʼlsa, sud-psixiatriya SSSR koʼrsatkichlariga qaytishi mumkin.
Klinik psixolog va Rossiya mustaqil psixiatriya assotsiatsiyasi ijrochi direktori Lyubovь Vinogradova uning fikriga qoʼshiladi. Uning soʼzlariga koʼra, 2000-yillar boshidan beri Rossiyada psixiatriya «borgan sari gʼayriinsoniy boʼlib qolmoqda».
“90-yillarda demokratik islohotlar jarayonida psixiatriya yordami va uni taʼminlash borasida fuqarolar huquqlarining kafolatlari toʼgʼrisida qonun qabul qilindi. Oʼshanda psixiatriya faqat ixtiyoriy narsa, barcha majburiy choralar sud qaroriga bogʼliq degan tushunchalar shakllandi; Qonun kuchga kirgan dastlabki yillarda hamma bunga koʼnikib qolgan, 2000-yillarning oxirigacha esa haqiqatdan ham boshqa zamon edi”, deb tushuntirdi u.
May oyi oxirida “Аgentstvo. Novosti” Telegram-kanali soʼnggi bir yarim yil ichida RF sudlari siyosiy ishlar boʼyicha kamida 33 nafar sudlanuvchini majburiy psixiatrik davolanishga yuborganini yozgan edi.
Umuman olganda, 2013-yildan beri “oʼzgacha fikrlovchilar” 55 marta majburiy davolanishga yuborilgan. 2020-yilgacha bu koʼrsatkich yiliga uch kishidan koʼp boʼlmagan, 2021-yilda esa yetti nafarga koʼtarilgan boʼlsa, 2022-yilda yana uch kishiga kamaydi. Biroq oʼtgan yili bu koʼrsatkich keskin oshib, 25 nafarga yetdi, joriy yilning toʼrt yarim oyida esa Rossiya sudlari shunday qarorlar soni sakkiztadan kam boʼlmagan.
Jumladan, may oyida Nijniy Novgorodning Leninskiy sudi mahalliy fuqaro Аleksey Volskiyni armiya haqidagi «soxta xabarlar» ishi boʼyicha majburiy davolanishga yubordi. Oʼtgan yilning noyabrida xuddi shunday qaror sankt-peterburglik Viktoriya Petrovaga nisbatan ham chiqarilgan edi.
2023-yil oktyabr oyida sud Nijniy Novgorodda yashovchi Аleksey Onoshkinga majburiy psixiatrik davolanishni buyurdi – u VK ijtimoiy tarmogʼidagi postlar va sharhlari uchun «soxta xabar» va «terrorizmga chaqiriqlar» da ayblangan. Oʼtgan yili Saratovning Xoperskoe qishlogʼidan deputat Oleg Nepeyn ham Rossiya armiyasi tomonidan Mariupol va Bucha aholisining oʼldirilishi haqidagi mintaqaviy suhbatdagi maʼlumotlari uchun jazolovchi psixiatriyaga duchor boʼlgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!