O‘zgartirishlarga ko‘ra, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Istisno tariqasida, tibbiy genetik tekshiruvlar (DNK testi) natijasi ijobiy bo‘lgan nikohlarga ruxsat beriladi. Qo‘mita Janubiy Koreya, Rossiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Ukraina, AQSh, qo‘shni va boshqa mamlakatlar tajribasiga tayanadi.
Yon qarindoshlar aka-uka va opa-singillar, ularning bolalari, ota va onaning aka-uka va opa-singillari, ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka va opa-singillari, ularning bolalari va boshqalar hisoblanadi.
Hozirda O‘zbekistonda nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh qurishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.