Jahon

Bangladeshdagi tartibsizliklar qurbonlari soni 187 kishiga yetdi 

Bangladeshdagi tartibsizliklar qurbonlari soni 187 kishiga yetdi 

Bangladeshda davlat ish o‘rinlari uchun kvota tizimiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar davom etmoqda. Mahalliy matbuotga ko‘ra, to‘qnashuvlarda kamida 187 kishi halok bo‘lgan.

Hukumat tartibsizliklarni bostirish uchun qattiq choralar ko‘rdi: komendantlik soati payshanbagacha uzaytirildi, butun mamlakat bo‘ylab internet o‘chirildi, shahar ko‘chalarida harbiy patrullar joylashtirildi.

Namoyishlar Bangladeshning 1971 yildagi Mustaqillik urushida qatnashgan faxriylarning oila a’zolari uchun davlat ish o‘rinlarining 30 foizini ajratuvchi kvota tizimidan norozilik sabab bo‘lgan. Keyinroq mamlakat Oliy sudi kvotani 7 foizga kamaytirishga qaror qildi, biroq bu namoyishlarni to‘xtata olmadi.

Bosh vazir Shayx Hasinaning aytishicha, cheklovchi choralar vaziyat yaxshilanmaguncha davom etadi.

Biznes vakillari internetning yopilishini “biznes uchun halokatli” deb atashdi va raqamli xizmatlarni tiklashni talab qilishdi.

2000 dan ortiq odam, asosan, muxolif partiyalar a’zolari zo‘ravonlikda ayblanib hibsga olingan. Seshanba kuni kechqurun keng polosali internet xizmatlari tiklanishi kutilmoqda, bu esa mamlakatdagi vaziyat haqidagi axborot oqimini yengillashtirishi mumkin.