Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5 million 92 ming so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davrida 4 million 337 ming so‘m bo‘lgan.
Qayd etilishicha, yarim yil mobaynida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahrida (8,4 million so‘m), Navoiy (6,6 million so‘m), Toshkent (4,9 million so‘m), Andijon (4,4 million so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,2 million so‘m) kuzatildi.
Olti oy davomida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori o‘sish surʼatlari Toshkent shahrida (20,2 foiz), Samarqand (18,2 foiz), Andijon (17,6 foiz), Farg‘ona (16,8 foiz) hamda Navoiy (16,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
O‘rtacha oylik ish haqlari iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha quyidagicha:
- Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati — 14,4 million so‘m;
- Axborot va aloqa — 12,4 million so‘m;
- Tashish va saqlash — 7,7 million so‘m;
- Sanoat — 6,2 million so‘m;
- Savdo — 5,9 million so‘m;
- Qurilish — 5,4 million so‘m;
- Yashash va ovqatlanish xizmatlari — 4,6 million so‘m;
- Taʼlim — 3,5 million so‘m;
- Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish — 3,3 million so‘m.
Maʼlumot uchun, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga so‘nggi marta 2023-yil 1-dekabrdan o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, 1 million 50 ming so‘mni tashkil etadi.